Boshqa adabiyotlar
Tanlangan
“The Study of Persian Shi‘ism in the Malay-Indonesian World: A Review of Literature from the Nineteenth Century onwards” (“Malay–Indoneziya dunyosida fors shialigini o‘rganish: XIX asrdan hozirgi davrgacha yaratilgan adabiyotlar obzori”)
Annotatsiya
Majid Daneshgarning “The Study of Persian Shi‘ism in the Malay-Indonesian World: A Review of Literature from the Nineteenth Century onwards” (“Malay–Indoneziya dunyosida fors shialigini o‘rganish: XIX asrdan hozirgi davrgacha yaratilgan adabiyotlar obzori”) nomli maqolasi Janubi-Sharqiy Osiyo, xususan Malay–Indoneziya mintaqasida fors shialigining tarixiy, madaniy va adabiy ta’siriga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlarni umumlashtiruvchi tematik adabiy obzor (literature review) hisoblanadi. Muallif 1888–2014-yillar oralig‘ida ingliz, fors, arab, malay, indonez, fransuz, nemis, italyan, golland va boshqa tillarda nashr etilgan ilmiy maqolalar, monografiyalar, bibliografiyalar hamda rasmiy hisobotlarni tizimli ravishda tahlil qiladi. Maqolada fors shialigining Malay–Indoneziya adabiyoti va madaniyatiga ta’siri, Hamza Fansuriy, Shamsuddin Sumatrani, Farididdin Attor, Sa’diy Sheroziy, Abdurahmon Jomiy kabi adib va mutafakkirlarning ijodiy merosi bilan bog‘liq tadqiqotlar, shuningdek, Hikayat Muhammad Hanafiyyah, Hikayat Hasan dan Husain, Cerita Tabut kabi asarlarda shialik unsurlarining aks etishi qiyosiy tahlil qilinadi. Muallif fors adabiyoti, tasavvuf, tarix, tilshunoslik, antropologiya, dinshunoslik va siyosatshunoslik yo‘nalishlaridagi ilmiy izlanishlarni mavzular bo‘yicha tasniflab, ularning ilmiy ahamiyati hamda tadqiqot metodologiyasini baholaydi. Shuningdek, maqolada fors shialigining zamonaviy Malayziya, Indoneziya va Tailanddagi madaniy hamda diniy hayotga ta’siri, shialikni o‘rganishning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan umumlashma xulosalar beriladi. Muallif bibliografik tahlil asosida mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarning evolyutsiyasini ko‘rsatib, kelgusidagi ilmiy izlanishlar uchun dolzarb bo‘lgan masalalarni belgilaydi. Mazkur maqola G‘arb adabiyotshunosligida qo‘llanadigan tematik adabiy obzor (literature review) janrining muhim namunasi bo‘lib, Malay–Indoneziya dunyosida fors shialigi bo‘yicha yaratilgan ilmiy adabiyotlarni kompleks ravishda umumlashtirgan qimmatli manba hisoblanadi.