Yevropa adabiyoti Tanlangan

“XX asr Markaziy Yevropa romani haqida umumiy obzor”

Muallif: Monica Manolachi. 2024 yil 4 bet 5 marta ko'rilgan 2 marta yuklab olingan

Annotatsiya

Monika Manolachining “XX asr Markaziy Yevropa romani”ga bag‘ishlangan ushbu ilmiy sharhi aslida to‘laqonli adabiy obzor sifatida namoyon bo‘ladi. Unda muallif Polirom nashriyotida chop etilgan “Dicționarul Romanului Central-European din Secolul XX” (XX asr Markaziy Yevropa romani lug‘ati) nomli fundamental tadqiqotni tahlil qiladi hamda Markaziy Yevropa adabiy jarayonlarini transmilliy, ko‘p tilli va ko‘p madaniyatli kontekstda yoritadi.
Adabiy obzorda hududiy adabiyot tushunchasining kengayishi, milliy chegaralarning nisbiyligi, adabiy merosning migratsion xususiyati hamda madaniy aloqadorlik tamoyillari chuqur asoslanadi. Muallif Markaziy Yevropaning tarixiy-siyosiy jarayonlari — urushlar, totalitarizm, deportatsiyalar, migratsiya va milliy o‘zlikning qayta qurilishi kabi omillar roman janrining shakllanishi va rivojlanishiga qanday ta'sir ko‘rsatganini ko‘rsatadi. Bu tamoyil adabiy obzorlarga xos bo‘lgan tarixiylik, jarayoniylik, solishtiruvchanlik va kontseptual umumlashtirish mezonlariga mos keladi.
Ushbu obzorning eng muhim jihati — 14 ta tillarda yaratilgan 250 dan ortiq romanlar va 197 yozuvchining ijodi qamrab olingani, shu orqali Markaziy Yevropa romani makonida universal va milliy g‘oyalar uyg‘unligi ochib berilganidir. Muallif tanlangan asarlarning turli millatlarga, mentalitetlarga, adabiy maktablarga mansubligi, shuningdek, ularning kinoga moslashtirilganligi, bir necha tillarga tarjima qilinganligi, xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lganini ta'kidlaydi. Bu esa adabiy jarayonning global adabiy maydon bilan uzviy bog‘liqligini isbotlaydi.
Obzorda Markaziy Yevropa romani uchun xos bo‘lgan asosiy mavzular ham belgilab beriladi: tarixiy xotira, totalitarizm tajribasi, etnik va diniy identitet, qo‘shma madaniyatlar, psixologik inqirozlar, urush fojiasi va shaxsiy hamda jamoaviy xotira to‘qnashuvi. Shu bilan birga, lug‘atning ilmiy salmog‘i, uch o‘n yillik ilmiy hamkorlik mahsuli ekani va tadqiqotchilar tarkibining xalqaro bo‘lgani ta’kidlanadi. Bu jarayon ko‘p jildli, kollektiv tadqiqotga asoslangan ilmiy obzorlarga xos xususiyatdir.
Muallif adabiy jarayonni nafaqat baholaydi, balki nazariy asoslar orqali izohlaydi, region tushunchasini adabiy-kulturologik paradigma sifatida sharhlaydi, Markaziy Yevropaning mental xaritasini badiiy matnlar orqali qayta tiklaydi. Shu bois bu sharh tematik, tarixiy, tipologik va madaniyatlararo aspektlardan yondashuvni mujassam etgan kompleks adabiy obzor sanaladi.
Ushbu adabiy obzorda Markaziy Yevropa romanlari tanlanishi mintaqaning murakkab tarixiy, madaniy va til manzarasi bilan bog‘liq. Asarlar avvalo til va madaniy xilma-xillik tamoyili asosida saralangan: obzorda chex, slovak, polsha, vengr, rumin, serb, xorvat, sloveniya, nemis, italyan, ivrit, yiddish, shuningdek, hududda muhim rol o‘ynagan frantsuz va ingliz tillarida yozilgan romanlar jamlangan. Bu tanlov Markaziy Yevropa adabiy makonining asosiy belgisi — ko‘p tillilik va ko‘p madaniyatlilikni yoritish imkonini beradi.
Romanlarning tanlanishida yana bir muhim mezon — tarixiy bosqichlar va ijtimoiy o‘zgarishlardir. Asarlar XX asrning eng keskin davrlarini — imperiyalar parchalanishi, urushlar, Holokost, sovet tuzumi, totalitarizm, senzura, surgun, siyosiy tazyiq va postsotsialistik o‘zgarishlar jarayonini aks ettiradi. Shu tariqa, romanlar shaxsiy va jamoaviy xotira o‘rtasidagi murakkab munosabatni ochib beradi.
Obzorda romanning mavzu doirasi ham asosiy tamoyillardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Tanlangan asarlarda identitet inqirozi, milliylik va ko‘plab madaniyatlar to‘qnashuvi, migratsiya, ko‘chish, oila va jamiyat hayotidagi sinishlar, erkaklik va yahudiylik tajribasi, maktab va armiya muhitida ruhiy shakllanish kabi dolzarb masalalar markazga olib chiqilgan. Bu romanlar tarixiy jarayonlarni faqat tashqaridan emas, balki inson ruhiyati va psixologik tajriba orqali ko‘rsatadi.
Janr va uslub nuqtayi nazaridan ham asarlar har xil yo‘nalishlarni qamrab oladi: tarixiy roman, modernistik va postmodernistik matnlar, grotesk, satira, parabola, avtobiografik shakllar. Bu yondashuv Markaziy Yevropa romani janrining estetik tajribalar va shakl yangilanishlari asosida rivojlanganini tasdiqlaydi.
Obzor tuzuvchilari nafaqat adabiy kanonga kirgan mashhur mualliflarni, balki marginal, senzuralangan, qoralama holatda saqlangan, chet elda chop etilgan yoki keyinchalik qayta kashf etilgan romanlarni ham kiritgan. Bu esa hudud adabiyotini to‘liqroq ko‘rsatish, “unutilgan ovozlar”ni tiklashni maqsad qilganini anglatadi.
Demak, mazkur adabiy obzor Markaziy Yevropa romanlarini til, tarix, madaniyat, mavzu, janr va estetik tajriba mezonlari asosida guruhlarga ajratadi va shu orqali mintaqa adabiyotini keng, ko‘p qatlamli, transmilliy manzara sifatida talqin qiladi. Natijada o‘quvchi XX asr Markaziy Yevropa adabiyotining qanday sharoitlarda shakllangani, qanday muammolarni yoritgani va uning jahon adabiyotidagi o‘rni haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘ladi.
Markaziy Yevropa adabiyoti haqida berilgan adabiy obzorda bu hudud romanchiligi asosan tarixiy sinovlar, ko‘p millatli muhit, urushlar, totalitar tuzumlar va shaxsiy erkinlik uchun kurash bilan belgilanadi, deb ta’kidlanadi. Shu ma’noda Franz Kafka, Milan Kundera va Imre Kertész romanlari obzorda aytilgan nazariy fikrlarni hayotiy misollar bilan tasdiqlaydi. Bu romanlar Markaziy Yevropaga xos bo‘lgan umumiy ruhiy holat — beqaror tarixiy sharoitda insonning o‘zligini yo‘qotmaslikka intilishi —ni yoritadi.
Kafka “Jarayon” romanida tushunarsiz hukm va byurokratik bosim orqali shaxsning erksizligini ko‘rsatadi. Obzorda aytilganidek, Markaziy Yevropa adabiyotida tarixiy va siyosiy bosim ko‘pincha inson ongida doimiy xavotir sifatida yashaydi. Kafka obrazi aynan shuni aks ettiradi: odam hukumat, qonun yoki tarixiy kuchlar qay tarzda ishlayotganini bilmasa ham, ularning bosimini his qiladi.
Kundera “Bo‘lishning chidab bo‘lmas yengilligi” romanida siyosiy voqealar — xususan 1968-yil Chexoslovakiya voqealari — qahramonlarning shaxsiy hayotiga bevosita aralashadi. Bu obyektiv tarix bilan subyektiv hayotning tutashuvi obzorda keltirilgan Markaziy Yevropa romani xususiyatlariga to‘liq mos keladi. Yozuvchi shaxsiy tanlovlar ham siyosiy muhitga bog‘liq bo‘lib qolishini ko‘rsatadi: bu hududda odam hayotini faqat o‘zi emas, tarix ham belgilaydi.
Kertészning “Taqdirsizlik” romanida esa Holokost fojeasi oddiy o‘smir ko‘zi bilan tasvirlanadi. Obzorda aytilganidek, Markaziy Yevropa romanlarida xotira, travma va o‘tmishning unutib bo‘lmas ta’siri muhim o‘rin tutadi. Kertész buni juda sodda, ammo juda ta’sirli ko‘rsatadi: tarixni yengish emas, uni tan olish va anglash muhim. Bu esa mintaqa adabiyotidagi “o‘tmish o‘tmagan” degan fikrni tasdiqlaydi.
Shunday qilib, Kafka odamning hukmron sistema oldida ojizligini, Kundera siyosatning shaxsiy hayotga kirib borishini, Kertész esa tarixiy fojeaning ruhiy izlarini ko‘rsatib beradi. Bu uch roman adabiy obzorda aytilganidek, Markaziy Yevropa adabiyotining asosiy g‘oyasini — tarixiy sinovlar ichida ham inson o‘zligini va ma’nosini saqlashga urinadi — degan fikrni jonli misollar bilan ochib beradi.
Mazkur adabiy obzorning eng muhim yutuqlaridan biri – Markaziy Yevropa adabiy jarayonlarini keng qamrovda, tarixiy-madaniy kontekstda yoritib bera olganidir. Muallif romanlarni nafaqat badiiy matn sifatida, balki jamiyat xotirasini aks ettiruvchi, turli siyosiy davrlar va madaniy tizimlar orasida shakllangan adabiy hodisa sifatida talqin qiladi. Adabiy makonning ko‘p tilliligi, turli etnik va madaniy qatlamlar mavjudligi obzorni boyitib, unga transmilliy ilmiy ahamiyat beradi. Asarlar mintaqaviy doiradan chiqib, xalqaro adabiyot maydonidagi o‘rnini ham ko‘rsatib berilgan. Shu bilan birga, romanlar mavzulariga ko‘ra tizimli guruhlarga ajratilgani – tarixiy xotira, urush, emigratsiya, totalitarizm, shaxsiy va jamoaviy identitet masalalari kabi muhim yo‘nalishlarda tahlil o‘tkazilganini ko‘rsatadi. Bularning barchasi tadqiqotning ilmiy va metodologik jihatdan puxta ekanini tasdiqlaydi.
Biroq obzor bir qator kamchiliklardan ham xoli emas. Eng avvalo, asarlarning aksariyati yuqori darajadagi ilmiy tilda talqin qilingan bo‘lib, bu o‘quvchining tayyorgarlik darajasini talab qiladi. Mintaqa romanlarining katta qismi tarjima masalasida ham teng darajada taqdim etilmagan: ayrim asarlar boshqa tillarga tarjima qilingan bo‘lsa, ba’zilariga kirish imkoniyati cheklangan. Shuningdek, romanlar orasida gender nomutanosibligi seziladi — ayol adibalar kamroq yoritilgan. Bu tarixiy sharoit bilan ham bog‘liq bo‘lsa-da, zamonaviy yondashuv nuqtayi nazaridan buni kamchilik sifatida ko‘rish mumkin. Ba’zan mintaqaviy chegaralar va adabiy yo‘nalishlar orasidagi qiyosiy o‘xshashliklar chuqurroq ta’kidlanishi mumkin edi. Shu sabab, ayrim o‘rinlarda o‘quvchi asarlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustaqil topishga majbur bo‘ladi.
Umuman olganda, bu adabiy obzor Markaziy Yevropa romanchiligi haqida keng va puxta ilmiy tasavvur beruvchi, adabiyotshunoslikda muhim o‘rin tutadigan tadqiqotdir. Yutuqlari uning tarixiy, nazariy va madaniy ahamiyatini mustahkamlasa, kamchiliklari kelajakdagi kengroq, yanada interaktiv va gender jihatdan muvozanatli tadqiqotlar uchun yo‘l ochib beradi.